Bioorganik kimyo instituti 1977 yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi (O’zR FA) Prezidiumi tomonidan 1973 yil tashkil etilgan O‘zR FA bioorganik kimyo bo‘limi negizida tashkil etildi. Institut yaratilishi kimyoda yangi yo‘nalish – tirik hujayrada biologik faol modda tuzilishi bilan funksiyasi orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganuvchi bioorganik kimyoning shiddatli rivojlanishi boshlanish vaqti bilan mos keldi. Organik kimyo, fizik-kimyoviy biologiya va bioorganik kimyo metodlari zamonaviy biotexnologiyaga asos bo‘ldi.
Institut tashkil etilishi va uning rivojlanishi Institut tashkilotchisi va tashkil etilgandan buyon direktori bo‘lgan taniqli kimyogar olim akademik Obid Sodiqovich Sodiqov nomi bilan uzluksiz bog‘langan. O‘zbekistonda bioorganik kimyo rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlarini e’tiborga olib 1987 yil Institutga uning nomi berildi.









