Oqsillar va peptidlar kimyosi laboratoriyasi 1973 yilda zoofitotoksinlar laboratoriyasi negizida tashkil topgan bo‘lib, O‘zRFA Bioorganik kimyo bo‘limining bo‘linmalaridan biri hisoblangan. Laboratoriya faoliyati davomida tabiiy birikmalar, toksinlar, fermentlar va boshqa biologik faol komponentlarning tuzilishi va funktsiyasi o‘rganilgan..
O‘rta Osiyo hayvonlari zaharidan birinchi bo‘lib toksik ta’sirga ega 50 dan ortiq fiziologik faol oqsillar va peptidlar ajratib olingan, ulardan 15 tasining kimyoviy birlamchi tuzilishi aniqlangan. O‘rgimchak Lactrodectuszaharidan oqsil tabiatga ega bo‘lgan murakkab to‘rtlamchi tuzilishli, molekulyar massasi 75000 Da ga teng to‘rtta subbirlikdan tashkil topgan neyrotoksin ajratib olingan (Toshmuxamedov M.S., Qosimov A.A., Odilbekov M.T., Salixov Sh.I.,). Turli bo‘g‘imoyoqlilar zaharidan ajratilgan yuqori spetsifiklikka ega bo‘lgan toksinlarni tadqiq qilish ularning ta’sir mexanizmini o‘rganish va ulardan neyrofiziologik tadqiqotlar uchun “asbob” sifatida foydalanish imkonini berdi (Salixov Sh.I., Qosimov A.A.). O‘rganilgan qator yuqori spetsifik neyrotoksinlardan foydalanish biologik membrananing strukturaviy va molekulyar xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan tirik hujayrada sodir bo‘ladigan muhim hayotiy jarayonlarni anglab yetishga olib keladi. Tadqiqotlarning amaliy yakuni o‘laroq ajratib olingan neyrotoksinlardan antitela sifatida foydalangan holda kobra, chayon va qoraqurt zaharlariga qarshi antizardob yaratishdan iborat edi (Salixov Sh.I., Qosimov A.A., Inog‘amov O‘.Q.)..
Bir qator kichik molekulali toksinlarning turli patologik holatlarda: surunkali buyrak yetishmovchiligi, travmatologiya, turli virusli kasalliklarda tuzilishi o‘rganildi. Gemodializ jarayonlarini dasturlashni ta’minlashga imkon beruvchi kichik molekulali toksinlar kontsentratsiyasini miqdoriy aniqlashning ekspress usuli ishlab chiqildi (Muxamadieva Sh.G., Kadrova A.F., Sultanova E.M.). sorbentlar bilan toksin kon’yugatlari asosida immunosorbentlar olindi (Qosimov A.A., Salixov Sh.I.). O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot hodimlari bilan hamkorlikda ishlar olib borildi va ular asosida tibbiyot soxasida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
1984 yilda laboratoriya faoliyati o‘simlik va hayvonlar organizmidan ajratib olingan oqsillar va peptidlarni tadqiq etishga, shuningdek, g‘o‘zaning o‘sish va rivojlanish jarayonlarida kechadigan biokimyoviy jarayonlarni o‘rganishga yo‘naltirildi. G‘o‘zaning gormonga bog‘liq oqsillarining tuzilishi va funktsiyasi uning o‘sish va rivojlanish jarayonida o‘rganildi. G‘o‘zadan fitogormon retseptorlari ajratildi, fizik-kimyoviy xossalari o‘rganildi va ularning g‘o‘za barglarini to‘kilishidagi regulyatorlik roli isbotlandi. G‘o‘zada defoliatsiya paytida sodir bo‘ladigan jarayonlarning molekulyar mexanizmi tadqiq qilindi. Ushbu tadqiqotlar asosida defolirlovchi va o‘sishni stimullovchi faollikka ega bo‘lgan birikmalar skriningi kriteriyalari ishlab chiqildi. (Veshkurova O.N., Salixov Sh.I.).
Laboratoriyada fan doktori ilmiy darajasini olish uchun 7 ta dissertatsiya himoya qilindi; Dolimbek Bexzod Ziyotbek (Texas Universiteti professori), Abulimiti Yili (XXR FA Shinjon fizika va kimyo texnika instituti direktor o‘rinbosari) shular jumlasidandir.






